Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi 2001-yildan buyon EIFL xalqaro konsorsiumi a'zosi hisoblanadi va a'zolik doirasida EIFLning barcha imkoniyatlaridan keng foydalanadi hamda Respublikadagi barcha kutubxonalar, muassasalar va ularning kitobxonlari uchun litsenziyali dastur orqali 20 dan ortiq xorijiy elektron resurslardan imtiyozli foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Mazkur O'zbekiston kutubxonalari konsorsiumi axborot portali o'z faoliyatini EIFL (Electronic Information for Libraries — kutubxonalar uchun elektron axborot) xalqaro konsorsiumi bilan hamkorlik va unga a'zolik doirasida amalga oshiradi.
Yirik xalqaro konsorsiumlardan biri — EIFL kutubxonalarni eng so'nggi kasbiy axborot bilan ta'minlab turadi, ya'ni kutubxonalarda amalga oshirilayotgan eng so'nggi yangiliklar va sohaga oid o'zgarishlar haqida ma'lumot berib boradi. EIFL 1999-yil oktabr oyida Open Society Institute (OSI — Soros Foundation Network tarkibiga kiruvchi xususiy grant ajratuvchi jamg'arma) tashabbusi bilan tashkil etilgan, 2002-yilda esa mustaqil jamg'armaga aylangan.
Rivojlanayotgan va o'tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlardagi milliardlab odamlar hanuzgacha zarur resurslarga ega emas. Bunga sabab — litsenzion resurslarning yuqori narxi, axborotdan foydalanishga oid yuridik to'siqlar, raqamli infratuzilmaning sustligi va raqamli savodxonlik ko'nikmalarining past darajada ekanligidir. Yaxshi resurslarga ega kutubxonalar sog'liqni saqlash, fan va innovatsiya, qishloq xo'jaligi hamda ta'lim kabi har bir sohada odamlarga sifatli axborot xizmatlarini taqdim eta oladi.
EIFL Afrika, Osiyo va Yevropadagi milliy kutubxona konsorsiumlari hamda jamoat kutubxonalari tarmoqlari bilan hamkorlikda harakat qiladi. EIFLning maqsadlari: ishtirokchi davlatlarda milliy konsorsiumlarni barqaror rivojlantirish; elektron axborot xizmatlariga imtiyozli kirishni ta'minlash bo'yicha yetakchi muzokarachiga aylanish; mahalliy raqamli resurslarni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash; a'zolarni dolzarb axborot va texnologiyalar bilan tanishtirib borish. EIFL har bir inson global elektron axborot resurslaridan foydalanishga haqli degan g'oyani o'zining asosiy missiyasi deb biladi.
A'zolik doirasida O'zbekiston ilmiy hamjamiyati — professorlar, doktorantlar va ilmiy izlanuvchilar Web of Science hamda Scopusga indeksatsiya qilingan 1500 ga yaqin jurnalda o'z maqolalarini chegirmali yoki bepul tarzda nashr ettirishlari mumkin.